Strategik muloqot va amaliy natijalar: Oʻzbekiston delegatsiyasining Koreyaga tashrifi yakunlari
2026-06-25 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif dasturidan o‘rin olgan “Oʻzbek–Koreya ekspertlar forumi”da mamlakatimizda oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsion rivojlanish yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdimot qilindi hamda hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Shuningdek, Janubiy Koreya Taʼlim vazirligi vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda talabalar almashinuvi, qoʻshma kafedralar tashkil etish, shaharsozlik, muhandislik va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida xalqaro dasturlar asosida kadrlar tayyorlash masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar ushbu yoʻnalishlarda hamkorlik memorandumini ishlab chiqish va uni vazirlar darajasida imzolash boʻyicha kelishuvga erishdi.
Sejong universiteti bilan muzokaralarda oʻzbekistonlik talabalar ushbu oliygohdagi xorijiy talabalar orasida eng katta ulushni tashkil etayotgani qayd etildi. 2026–2027-yillarda yosh olimlar uchun sunʼiy intellekt va shaharsozlik yoʻnalishlarida qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olindi.
Mazkur tashrif Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda akademik hamkorlik koʻlamini kengaytirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.




