Toshkentda AQSHning Yuta universiteti bilan hamkorlik bo‘yicha uch tomonlama o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
2026-06-20 09:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Ta’kidlash joizki, imzolangan hujjat — tomonlarning hamkorlikka bo‘lgan qiziqishi va istiqboldagi birgalikdagi sa’y-harakatlari yo‘nalishlarini belgilab beruvchi o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘lib, u dastavval niyatlarni ifoda etadi va keyingi aniq loyihalar uchun umumiy asos vazifasini o‘taydi.
Memorandumni uch taraf — O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratboy Sharipov, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruv raisi Abdulla Xursanov hamda AQSHning Yuta universiteti nomidan xalqaro ishlar bo‘yicha katta mutaxassis Rendi Makkrillis imzoladi.
Imzolash marosimida Yuta universitetining nufuzli professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi. Jumladan, delegatsiya tarkibida universitetning Materialshunoslik va muhandislik kafedrasi hamda Konchilik muhandisligi kafedrasi mudirlari, shuningdek xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari bo‘yicha mas’ul rahbarlar bo‘ldi.
Uchrashuv davomida tomonlar yaqin kelajakda bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, tajriba va bilim almashish hamda kadrlar salohiyatini oshirishda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida kelishib olishdi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
mineralogiya,
konchilik,
metallurgiya,
materialshunoslik,
energetika va ekologiya,
avtomatlashtirish,
sun’iy intellekt,
ruda va texnogen chiqindilarni qayta ishlash,
muhandislik,
Mazkur yo‘nalishlar mamlakatimizning sanoat, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlari uchun ayni dolzarb hisoblanadi. Birgalikdagi tadqiqotlar zamonaviy ilmiy yondashuvlar va amaliy yechimlarni ishlab chiqish, shuningdek soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish imkonini beradi.
“Olmaliq KMK” AJ uchun ushbu hamkorlik strategik ahamiyatga ega. Yirik tog‘-kon va metallurgiya korxonasi sifatida kombinat malakali konchilik, metallurgiya, mashinasozlik va kimyo muhandislariga doimiy ehtiyoj sezadi. Memorandum doirasidagi hamkorlik korxonaning ishlab chiqarish jarayonlaridagi muammoli masalalarni ilmiy asosda hal etishga yo‘naltirilgan qo‘shma tadqiqot loyihalari uchun zamin yaratadi.
Tomonlarning ta’kidlashicha, imzolangan anglashuv memorandumi kelgusida aniq loyihalar, qo‘shma ilmiy-tadqiqot dasturlari va kadrlar almashinuvi bo‘yicha amaliy qadamlar uchun puxta asos bo‘lib xizmat qiladi. Hamkorlik doirasidagi navbatdagi qadamlar alohida kelishuvlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.


