Oʻzbekiston–Xitoy hamkorligi doirasida muhandislik taʼlimi va sanoat integratsiyasining yangi yoʻnalishlari muhokama qilindi
2026-06-19 21:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida Oʻzbekiston va Xitoy oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan taʼlim modellarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻktam Salomov Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari taʼlim sohasida ham izchil rivojlanib borayotganini taʼkidlab, mamlakatimizda oliy taʼlimni xalqarolashtirish, dual taʼlim mexanizmlarini kengaytirish va xalqaro mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Urganch davlat universiteti, XCHMG korporatsiyasi va Syuychjou texnologiya universiteti oʻrtasida imzolangan uch tomonlama hamkorlik kelishuvini amalga oshirish masalalari boʻldi. Tomonlar mazkur kelishuv texnika va mashinasozlik sohalari uchun xalqaro standartlarga javob beradigan kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Muzokaralarda 2026–2027 oʻquv yilidan boshlab 2+1+1 shaklidagi qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish rejalari koʻrib chiqildi. Unga koʻra, talabalar taʼlimning dastlabki bosqichlarini Urganch davlat universitetida, keyingi bosqichlarini Syuychjou texnologiya universitetida oʻqib, ishlab chiqarish amaliyotini XCHMG korxonalarida oʻtash imkoniyatiga ega boʻladilar.
Uchrashuvda XCHMG korporatsiyasining xalqaro sanoat bozoridagi tajribasi ham alohida eʼtirof etildi. 1943-yilda tashkil etilgan kompaniya bugungi kunda qurilish va ogʻir texnika ishlab chiqarish sohasida dunyoning yetakchi korxonalaridan biri boʻlib, mahsulotlarini 190 dan ortiq mamlakatlarga yetkazib beradi. 2026-yilgi “Yellow Table” reytingida kompaniya qurilish texnikasi ishlab chiqaruvchilari orasida dunyoda uchinchi oʻrinni egallagan.
Shuningdek, hamkorlikning muhim ishtirokchilaridan biri boʻlgan Syuychjou texnologiya universitetining muhandislik, mashinasozlik, energetika va raqamli texnologiyalar sohasidagi yuqori salohiyati qayd etildi. Universitetda 23 mingdan ortiq talaba tahsil olib, taʼlim jarayoni sanoat korxonalari ehtiyojlari bilan uzviy bogʻlangan.
Uchrashuv yakunida tomonlar talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvini kengaytirish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlarni jalb qilish hamda qoʻshma laboratoriyalar tashkil etish boʻyicha hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar.









