Termizda “Yoshlar – giyohvandlikka qarshimiz” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bahslari bo‘lib o‘tdi!
2026-06-18 19:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Tanlov finalini Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ochib berib, yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi kurashish, sog‘lom va faol hayot tarzini shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi hamda ishtirokchilarga omad tiladi.
🏆Final dasturga muvofiq, respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan 30 ta jamoa 4 ta shart: “Insho yozish”, “Rasm chizish”, “Qisqa videoroliklar” hamda “Sahna koʻrinishi” shartlari asosida bellashdi. Xususan, “Insho yozish” sharti bo‘yicha talabalar giyohvandlikning inson hayotiga yetkazadigan zararlari, unga qarshi kurash va sog‘lom kelajakni barpo etishda yoshlarning o‘rni haqida fikr-mulohazalarini badiiy -publitsistik uslubda bayon etgan holda insho yozdilar.
➡️Tanlovning “Rasm chizish” va “Qisqa videoroliklar” shartlari bo‘yicha talabalar tomonidan yaratilgan giyohvandlikning salbiy oqibatlari, yoshlar salomatligi va kelajagiga tahdidlari, sog‘lom turmush tarzining afzalliklari hamda zararli illatlarga qarshi kurash mavzulari aks etgan videoroliklar hamda rasmlar soha mutaxassislari tomonidan adolat, xolislik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilingan holda baholandi.
⏺Eslatib o‘tamiz, mazkur tanlov g‘oliblari Termiz iqtisodiyot va servis universiteti mablag‘lari hisobidan diplom hamda 1-o‘rin 200 million so‘m, 2-o‘rin 150 million so‘m, 2 ta 3-o‘rin 100 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Taqdirlash marosimi ertaga Termiz shahridagi “San’at saroyi”da bo‘lib o‘tadi.






