Oʻzbek–Fransuz universiteti Vasiylik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-06-18 19:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbek–Fransuz universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, universitetning strategik rivojlanish yoʻnalishlari, taʼlim jarayonini tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va boshqaruv tizimini shakllantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Yigʻilish kun tartibidan Oʻzbek–Fransuz universiteti Vasiylik kengashi nizomini tasdiqlash, universitetning 2026-yilgi ish rejasi va xarajatlar smetasini koʻrib chiqish, 2026/2027 oʻquv yili uchun magistratura bosqichiga qabul tartibini belgilash hamda Fransiyaning Puatye universiteti bilan taʼlim xizmatlari boʻyicha hamkorlik masalalari oʻrin oldi.
Muhokamalar chogʻida universitetni tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi. Xususan, universitet faoliyati uchun Toshkent shahridagi mavjud infratuzilmani moslashtirish, qoʻshimcha oʻquv binolarini barpo etish hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash yuzasidan amaliy choralar belgilandi.
Kengash aʼzolari 2026/2027 oʻquv yilidan universitetda fransuz tili boʻyicha magistratura dasturini yoʻlga qoʻyish, talabalarni qabul qilish tartibi va oʻqitish jarayonlarini Fransiyaning Puatye universiteti akkreditatsiyalangan taʼlim dasturlari asosida tashkil etish masalalarini ham koʻrib chiqdilar.
Yigʻilish yakunida universitetning tashkiliy-huquqiy va akademik faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston va Fransiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.








