Berlindagi uchrashuv: Germaniyada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan ochiq muloqot
2026-06-15 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Oʻzbekistonning Berlin shahridagi elchixonasida tashkil etilgan ochiq muloqotda Germaniyaning nufuzli universitetlarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olayotgan hamda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda soʻnggi yillarda oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, universitetlarning xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda yosh olimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, Yangi Oʻzbekistonda inson kapitali taraqqiyotning asosiy drayveri sifatida qaralmoqda. Shu bois oliy taʼlim muassasalarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni iqtisodiyot bilan integratsiya qilish va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Muloqot davomida Germaniyada tahsil olayotgan yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar, xususan, Oʻzbekistonda ilmiy faoliyatni davom ettirish imkoniyatlari, akademik mobillik dasturlari, xalqaro qoʻshma loyihalar, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari hamda mehnat bozorida yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyoj haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ayniqsa, mamlakatimizda muhandislik, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, yashil energetika va innovatsion tadbirkorlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar talaba-yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ular Germaniya universitetlari va ilmiy markazlarida orttirgan bilim va tajribalarini kelgusida Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida safarbar etishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.





