Oʻzbekistonda Germaniya Amaliy fanlar universitetini tashkil etish boʻyicha bitim imzolandi
2026-06-15 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda dual taʼlim tizimini keng joriy etish, Germaniyaning ushbu sohadagi ilgʻor tajribasini oʻrganish hamda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat boʻldi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Ilxom Siradjev mamlakatimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berib, Germaniyaning dual taʼlim sohasidagi tajribasini oʻrganish va qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov mamlakatimizda hozirgi kunda 50 ming nafardan ortiq yoshlar dual taʼlim asosida tahsil olayotganini, 2030-yilga qadar ularning sonini 200 ming nafarga yetkazish maqsad qilinganini qayd etdi. Shuningdek, Germaniyaning dual taʼlim sohasidagi tajribasi dunyoda eng mukammal va standartlashtirilgan tizimlardan biri ekanini taʼkidladi.
Tadbirda Germaniyaning yetakchi taʼlim muassasalari va tashkilotlari vakillari oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Xususan, Oliy taʼlimni rivojlantirish markazi (CHE), Saksoniya dual amaliy fanlar universiteti, Berlin va Brandenburg federal oʻlkalari dual taʼlim agentliklari vakillari dual taʼlimning samarali mexanizmlari, talabalarni ishlab chiqarish jarayoniga erta jalb qilish, ish beruvchilar bilan hamkorlik va kadrlar tayyorlashning amaliy jihatlari haqida taqdimotlar oʻtkazdilar.
Mutaxassislar taʼkidlaganidek, Germaniyada dual taʼlim talabalarga oʻqish jarayonining oʻzidayoq amaliy tajriba orttirish, mehnat faoliyati uchun haq olish va oʻqishni tugatgach ish bilan taʼminlanish imkonini beradi. Bu esa mazkur modelning jozibadorligi va samaradorligini taʼminlamoqda.
Davra suhbati doirasida Oʻzbekiston va Germaniya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. Jumladan, Germaniya amaliy fanlar universitetlari konsorsiumi va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oʻrtasida Oʻzbekistonda Germaniya Amaliy fanlar universitetini tashkil etish boʻyicha bitim imzolandi. Shuningdek, dual taʼlim sohasida qator hamkorlik memorandumlari rasmiylashtirildi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur tashabbuslar Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida oliy taʼlim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozori ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdilar.
Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi Germaniyaning qator yetakchi universitetlari va sanoat korxonalarida boʻlib, dual taʼlim amaliyoti bilan yaqindan tanishdi. Natijada mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari tomonidan Germaniyaning bir qator universitetlari va ishlab chiqarish korxonalari bilan talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, qoʻshma taʼlim dasturlari va kadrlar tayyorlash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.









