Bitiruvchi – 2026”: yangi avlod shifokorlari katta hayotga kuzatildi
2026-06-15 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Marosimda sogʻliqni saqlash tizimi vakillari, universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida bitiruvchilarning taʼlim yillaridagi yutuqlari, ilmiy va amaliy faoliyati aks etgan videolavhalar namoyish qilinib, universitetning eng faol va iqtidorli talabalari eʼtirof etildi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar bitiruvchilarni hayotlaridagi ushbu muhim sana bilan samimiy tabriklab, mamlakat tibbiyotini rivojlantirish yoʻlida ulkan masʼuliyat va sharafli vazifalar kutayotganini taʼkidladilar. Shuningdek, yosh shifokorlarga kelgusi kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat, fidoyilik va yuksak natijalar tiladilar.
Bayram tadbiri sanʼat ustalarining chiqishlari, musiqiy va ijodiy dasturlar bilan yanada koʻtarinki ruhda davom etdi. Marosimning eng hayajonli lahzasi sifatida 4 ming nafardan ortiq bitiruvchilar shifokorlik qasamyodini qabul qilib, xalq salomatligini asrash yoʻlida sidqidildan xizmat qilishga tantanali vaʼda berdilar.
“Bitiruvchi – 2026” nafaqat bitiruvchilarning talabalik davriga yakun yasagan, balki ularning tibbiyot sohasidagi sharafli kasbiy faoliyatiga mustahkam qadam qoʻygan unutilmas kun sifatida tarixda qoldi.









