Oliy taʼlim tashkilotlari Xotin-qizlar maslahat kengashi raislarining malakasi oshirilmoqda
2026-06-12 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur oʻquv kurslari oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash, sogʻlom maʼnaviy-psixologik muhitni shakllantirish hamda talaba-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratildi.
Kurs davomida ishtirokchilar xotin-qizlar sohasiga oid milliy qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni, oliy taʼlim muassasalarida gender siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, talaba-qizlar bilan samarali muloqot oʻrnatish, psixologik qoʻllab-quvvatlash va maslahat berish usullari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamladilar. Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlik holatlarini erta aniqlash, ularning oldini olish hamda ehtiyojmand talabalarga manzilli yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Malaka oshirish kurslarida respublikadagi 60 ga yaqin oliy taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan Xotin-qizlar maslahat kengashi raislari qatnashdi. Mashgʻulotlar tajribali professor-oʻqituvchilar va soha mutaxassislari tomonidan interaktiv va amaliy yondashuvlar asosida olib borildi.
Kurs dasturining muhim qismi sifatida ishtirokchilar uchun Oliy Majlis Senati, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Toshkent davlat transport universitetida tajriba almashish uchrashuvlari tashkil etildi. Bu jarayonlar xotin-qizlar bilan ishlashning ilgʻor tajribalarini oʻrganish, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish imkonini berdi.
Mazkur malaka oshirish kurslari oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda xavfsiz va qoʻllab-quvvatlovchi taʼlim muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.





