Ilmiy kadrlarini tayyorlash va attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi
2026-06-12 18:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kirish soʻzi bilan ochib berdi. Shundan soʻng Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov Farmonning oliy taʼlim va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimidagi ahamiyati haqida maʼruza qildi.
Seminar professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida tashkil etilib, unda mamlakatimizda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan integratsiya qilish va attestatsiya jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Seminarda tadqiqot guruhlari faoliyati natijasida birinchi yil davomida har bir guruhdan 1–2 ta kuchli Scopus indeksli maqola tayyorlash, keyingi bosqichlarda esa Q1 darajadagi nashrlarga erishish, barqaror ilmiy nashrlar zanjirini shakllantirish hamda ushbu modelni institutsional asosda yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Farmon ijrosini taʼminlash, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash va universitet ilmiy maktablarini rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.





