Jizzax politexnika institutida ta’lim, innovatsiya va yoshlar masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi
2026-06-10 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Jizzax politexnika institutida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ishtirokida ta’lim, innovatsiyalar va yoshlar salohiyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrif davomida institutning Avtomobilsozlik muhandislik maktabi va Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishilib, talabalarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar, dual ta’lim tizimining afzalliklari hamda yoshlarning ilmiy va innovatsion loyihalari namoyish etildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan startap tashabbuslar, yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlanmalari va ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi va muhandislik maktabining iqtidorli talabalari rag‘batlantirildi.
Yakunda institutda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida, vazirlik va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘quv-seminar ham tashkil etildi. Unda mahallalarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish hamda oilaviy nizolarni mediatsiya yo‘li bilan hal etish masalalari muhokama qilindi.









