“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” g‘oliblari taqdirlandi
2026-06-09 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, barcha toifadagi oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi umumjamoa hisobida Farg‘ona davlat universiteti 7 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza, jami 18 ta medal bilan mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rinni Urganch davlat universiteti (7 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medal), uchinchi o‘rinni esa Qoraqalpoq davlat universiteti (4 ta oltin va 3 ta kumush medal) egalladi.
Sport faoliyati va jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “TDIU” sport klubi 2 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “O‘zDJTU” sport klubiga, uchinchi o‘rin esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “JIDU” sport klubiga nasib etdi.
Shuningdek, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida ham bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Xususan, “Eng ko‘p medal jamg‘argan oliygoh” nominatsiyasi Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga topshirildi. “Eng ko‘p sport turidan ishtirok etgan oliygoh” nominatsiyasiga “Alfraganus University”, “Eng katta delegatsiya bilan ishtirok etgan oliygoh” nominatsiyasiga esa Oriental universiteti sazovor bo‘ldi.









