65-xalqaro Gullar festivali doirasida “Akademiklar va yoshlar” anʼanaviy IV Kongressi boʻlib oʻtdi
2026-06-04 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Kongressning asosiy maqsadi akademiklarni yoshlar orasida keng tanitish, ularning ilmiy faoliyati va tadqiqotlarini targʻib etish, yoshlarning ilm-fanga boʻlgan qiziqishini oshirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashga ragʻbatlantirish hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishdan iborat.
Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻiratboy Sharipov, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti akademik Shavkat Ayupov, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Odiljon Mamatkarimov soʻzga chiqdi.
Kongressning yalpi majlisida akademiklar tomonidan matematika fanining rivojlanishi, energetika istiqbollari, virusologiya, biofizika, yadro energetikasi, sunʼiy intellekt, astronomiya, tarix va boshqa dolzarb yoʻnalishlarga bagʻishlangan maʼruzalar taqdim etildi. Xususan, akademiklar Shavkat Ayupov, Qahramon Allayev, Erkin Musabayev, Ravshan Sobirov, Axmed Reymov, Sadritdin Turobjonov, Ilham Sadikov, Komiljon Tojibayev, Shuhrat Egamberdiyev, Anatoliy Sagʻdullayev, Saidaxror Gʻulomov va Sirojiddin Zaynobiddinov ilm-fanning turli yoʻnalishlaridagi zamonaviy yutuqlar hamda istiqbolli tadqiqotlar yuzasidan maʼruzalar bilan qatnashmoqda.
Kongress dasturidan, shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Namangan hududiy boʻlimini ochish marosimi, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan ilmiy-ijodiy uchrashuvlar, oliy taʼlim muassasalari talabalari va magistrlari uchun mahorat darslari hamda davra suhbatlari oʻrin olgan.
“Ilm-fan taraqqiyotini yoshlar yaratadi” shiori ostida oʻtayotgan mazkur kongress ilm-fan va taʼlim integratsiyasini mustahkamlash, yoshlarning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish hamda akademiklar va yosh avlod oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.









