Rasmiy munosabat
2026-05-03 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Diplom.edu.uz axborot tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-oktyabrdagi PQ–4502-son qaroriga muvofiq, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomlar hamda ilmiy daraja hujjatlarining elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, 2022-yil 20-apreldagi PF–113-son Farmoniga asosan fuqarolarga oʻzlarining taʼlim toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini axborot tizimlariga mustaqil kiritish imkoniyati yaratilgan boʻlib, mazkur jarayon belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Ayrim taʼlim muassasalari maʼlumotlarini kiritish imkoniyati mavjud emasligiga doir eʼtirozlar yuzasidan quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim.
Jumladan, mazkur tartib harbiy va maxsus toifadagi oliy taʼlim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi. Shu sababli Bosh prokuratura akademiyasi axborot tizimi roʻyxatida mavjud emas.
Shu bilan birga, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan bitiruvchilarga oliy, oʻrta maxsus yoki professional taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi diplomlar berilmaydi. Shu bois ushbu muassasa ham axborot tizimi roʻyxatiga kiritilmagan.
Diplom.edu.uz axborot tizimida faqat davlat namunasidagi diplomlar boʻyicha maʼlumotlarni kiritish va tasdiqlash imkoniyati mavjudligini maʼlum qilamiz.
Tizim faoliyati boʻyicha kelib tushayotgan taklif va murojaatlar doimiy ravishda oʻrganib boriladi va texnik imkoniyatlarni bosqichma-bosqich takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
