O‘zbekiston talabalari Belarusdagi yirik sanoat korxonasida amaliyot o‘tamoqda
2026-06-01 12:55:00 / Vazirlik yangiliklari

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti va Belarus Respublikasining Minsk traktor zavodi (MTZ) o‘rtasida imzolangan memorandum hamda talabalar amaliyotini tashkil etish bo‘yicha tuzilgan shartnoma asosida “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakultetining 20 nafar talabasi 3 oylik ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun Belarus Respublikasiga jo‘nab ketdi.
Amaliyot davomida talabalar zavodning ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, payvandlash, slesarlik ishlari, traktor qismlarini yig‘ish, sinovdan o‘tkazish, diagnostika va mahsulot sifatini nazorat qilish yo‘nalishlarida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Mazkur amaliyot yosh mutaxassislarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish hamda xalqaro mehnat muhitida ishlash tajribasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, shartnoma talablariga muvofiq talabalar amaliyot davrida yashash joyi, maxsus ish kiyimi va oylik ish haqi bilan ta’minlanadi.






