Xorazmda yozgi oromgohlarning mavsumga tayyorgarlik holati o‘rganildi
2026-05-26 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 26-may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, Urganch davlat pedagogika instituti tomonidan bolalarning yozgi dam olishini mazmunli tashkil etish, ular uchun xavfsiz va qulay sharoitlar yaratish borasidagi amaliy ishlar bilan tanishdi.

Tashrif davomida Yangibozor tumanidagi “Pahlavon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyati o‘rganildi. 250 o‘ringa ega maskanning moddiy-texnik bazasi, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar va xavfsizlik tizimi ko‘zdan kechirildi.
Oromgohda yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari tartibga keltirilib, yotoqxona, oshxona, suzish havzalari hamda sport maydonchalari mavsumga tayyorlangan. Shuningdek, tibbiyot xonalari zarur vositalar bilan jihozlanib, kutubxona fondi boyitilgan, hududdagi yoritish va yong‘in xavfsizligi tizimlari takomillashtirilgan.
Tashrif davomida bolalarning sog‘lom va xavfsiz hordiq chiqarishini ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.









