Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida qoʻshma ilmiy laboratoriya tashkil etish masalasi muhokama qilindi
2026-05-25 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida “Xitoy – Markaziy Osiyo yashil noorganik nometall materiallar qoʻshma laboratoriyasi”ni tashkil etish boʻyicha dastlabki takliflar muhokama qilindi. Tomonlar loyihani amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, ilmiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari va uning amaliy ahamiyati xususida fikr almashdilar.
Xitoy tomoni qoʻshma laboratoriya konsepsiyasi, uning asosiy vazifalari va ilmiy tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha taqdimot oʻtkazdi. Shuningdek, laboratoriya faoliyati doirasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qoʻshma ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda xalqaro grant va investitsiyalar asosida qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston tomoni loyihani amalga oshirish muddatlari, investitsiya hajmi, texnik parametrlar va tomonlar majburiyatlarini aniq belgilash muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, Toshkent arxitektura-qurilish universitetini hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi asosiy muassasa sifatida belgilash masalasi ham muhokama qilindi.
Muloqot yakunida mehmonlar Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rahbariyati va mutaxassislarini Xitoydagi shu kabi laboratoriyalar faoliyati bilan tanishishga taklif etdi.
Mazkur uchrashuv yaqinda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining 8-yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuv va natijalarning amaliy davomi sifatida tashkil etildi.



