London Qirolicha Meri universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi
2026-05-23 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Queen Mary University of London muhandislik, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, tibbiyot va innovatsiyalar sohasidagi yuqori salohiyati bilan xalqaro miqyosda tanilgan universitet hisoblanadi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va universitet oʻrtasida taʼlim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa muhandislik, sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalar yoʻnalishlarida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur yoʻnalishlarda ikki diplomli va qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, akademik almashinuvni yoʻlga qoʻyish hamda ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishdilar.
Shuningdek, universitetning ilgʻor tajribasini Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga joriy etish, talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish va qoʻshma loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.




