“Efekta Education Group” rahbari bilan taʼlim va sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
2026-05-22 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

“Efekta Education Group” ingliz tilini oʻqitish, raqamli taʼlim, sunʼiy intellekt asosidagi taʼlim yechimlari va oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida faoliyat yurituvchi xalqaro taʼlim kompaniyasi hisoblanadi.
Uchrashuv avvalida Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yuqori saviyada oʻtkazilgani alohida qayd etildi. Tomonlar Oʻzbekistonning YUNESKOning Oliy taʼlim sohasidagi kvalifikatsiyalarni tan olish boʻyicha Global konvensiyasini ratifikatsiya qilgani mamlakat oliy taʼlim tizimi uchun tarixiy qadam boʻlganini taʼkidladilar.
Suhbat davomida Oʻzbekistonda oliy taʼlim, fan va professional taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, taʼlim muassasalari sonining keskin oshishi hamda taʼlim sifati va xalqaro raqobatbardoshlikni taʼminlash boʻyicha yangi yondashuvlar muhokama qilindi.
Tomonlar ingliz tilini oʻqitish, raqamli taʼlim va sunʼiy intellekt texnologiyalarini taʼlim jarayoniga joriy etish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratdilar. Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda ingliz tili nafaqat xorijiy til, balki akademik mobillik, xalqaro tadqiqotlar va global mehnat bozoriga integratsiya uchun muhim amaliy koʻnikma sifatida qaralmoqda.
Uchrashuvda universitet talabalari va professor-oʻqituvchilari uchun ingliz tili boʻyicha tayyorlov dasturlari, sunʼiy intellekt asosidagi raqamli taʼlim platformalarini pilot tarzda joriy etish, shuningdek, kasbiy taʼlim va bandlikka yoʻnaltirilgan “workplace English” dasturlari boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, taʼlim sohasida sunʼiy intellektdan foydalanishda sifat, etika, oʻqituvchilar tayyorgarligi va milliy ustuvorliklarga alohida eʼtibor qaratish muhimligi taʼkidlandi. Tomonlar raqamli taʼlim loyihalari amaliy natija — taʼlim sifati, oʻqituvchilar salohiyati va taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi lozimligi yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida Efekta Education Group bilan hamkorlikda pilot tashabbuslarni amalga oshirish, raqamli taʼlim va kelajak koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdorlik bildirildi.
Maʼlumot uchun, Stefaniya Jannini Italiyaning sobiq taʼlim vaziri boʻlib, YUNESKO Bosh direktorining taʼlim boʻyicha yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan. 2026-yildan buyon u Efekta Education Groupʼda hukumatlar bilan aloqalar va tadqiqotlar boʻyicha prezident lavozimida ishlab kelmoqda.





