Times Higher Education boshqaruvchi direktori bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-05-22 15:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Times Higher Education xalqaro oliy taʼlim reytinglari, universitetlar faoliyati tahlili, institutsional samaradorlik va global taʼlim tendensiyalari boʻyicha dunyodagi eng nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanadi. Tashkilot universitetlarni baholash, maʼlumotlar tahlili, benchmarking va xalqaro koʻrsatkichlar asosida oliy taʼlim tizimlarini rivojlantirish boʻyicha ekspert platformasi sifatida faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytinglardagi ishtirokini kengaytirish, universitetlar faoliyatini xalqaro mezonlar asosida baholash, taʼlim sifati va tadqiqot salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar universitetlar uchun xalqaro reyting metodologiyasi, maʼlumotlar bilan ishlash va benchmarking boʻyicha salohiyatni oshirish, institutsional maʼlumotlar sifatini yaxshilash hamda tadqiqot faoliyatini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, ilmiy maqolalar sifati, xalqaro hamkorlik, iqtiboslik darajasi va universitet–sanoat integratsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda Times Higher Educationʼning Impact Rankings tizimi va Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida hamkorlik qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda taʼlim, innovatsiya, “yashil” iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlanish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar universitetlarning ijtimoiy missiyasi bilan uzviy bogʻliq hisoblanadi.
Shuningdek, dastlab xalqaro reytinglar bilan faol ishlashga tayyor boʻlgan bir guruh oʻzbek universitetlarini aniqlash, ular uchun maqsadli konsalting va seminarlar tashkil etish, keyinchalik esa mazkur tajribani boshqa oliy taʼlim muassasalariga kengaytirish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining xalqaro nufuzini oshirish, universitetlarda samaradorlik va shaffoflik madaniyatini rivojlantirish hamda amaliy hamkorlik mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.





