Ozarbayjon Respublikasi fan va taʼlim vaziri bilan uchrashuv
2026-05-22 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, universitetlararo aloqalarni kengaytirish hamda qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda izchil rivojlanayotganini, ayniqsa qoʻshma taʼlim dasturlari, akademik mobillik va ilmiy hamkorlik yoʻnalishlarida amaliy natijalarga erishilayotganini alohida taʼkidladilar.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Ozarbayjon Respublikasi Fan va oliy taʼlim boʻyicha davlat agentligi oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgani qayd etildi. Mazkur hujjat qoʻshma ilmiy va innovatsion loyihalar tanlovlarini tashkil etish, yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy stajirovkalarni yoʻlga qoʻyish va doktorantlar almashinuvi dasturlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Suhbat chogʻida 2025-yil 28–29-may kunlari Andijon shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston–Ozarbayjon rektorlarining birinchi forumi hamkorlik rivojida muhim bosqich boʻlgani taʼkidlandi. Forumda Ozarbayjonning 16 ta va Oʻzbekistonning 36 ta oliy taʼlim muassasasi rahbarlari ishtirok etgan hamda 60 dan ortiq universitetlararo kelishuvlar imzolangan.
Shuningdek, tomonlar ikkinchi Rektorlar forumni Ozarbayjonda oʻtkazish imkoniyatlarini muhokama qilib, uni amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan formatda tashkil etish muhimligini qayd etdilar.
Uchrashuvda muhandislik, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, energetika, transport va logistika, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi hamda gumanitar fanlar kabi ustuvor sohalarda kadrlar tayyorlash va qoʻshma tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha fikr almashildi.
Maʼlumot uchun, Emin Amrullayev 2020-yildan buyon Ozarbayjon Respublikasi fan va taʼlim vaziri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U taʼlim sifati, xalqaro hamkorlik va taʼlim tizimini modernizatsiya qilish yoʻnalishidagi islohotlari bilan tanilgan.



