Mintaqaviy ta’lim hamkorligi yanada kuchaytiriladi
2026-05-22 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Qozog‘iston tomoni bilan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy tanlovlarni yo‘lga qo‘yish, yosh olimlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida oliy ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni jadallashtirish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar mazkur tashabbuslar mintaqada akademik mobillikni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Qirg‘iz Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuvda esa ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim va ilmiy hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 90 dan ortiq memorandum va kelishuvlar imzolangan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik mobillik dasturlari izchil rivojlanmoqda.
Uchrashuv davomida “Bo‘lajak muhandislar” festivalini qo‘shma formatda tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, “Study in Uzbekistan” ta’lim ko‘rgazmasini Qirg‘izistonda o‘tkazish, shuningdek, muhandislik, IT, sun’iy intellekt, energetika va tabiiy fanlar yo‘nalishlarida qo‘shma yozgi va qishki maktablarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Muloqotlarda oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, amaliy hamkorlik va integratsiyani mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.







