Sirdaryoda “TalabaExpo – 2026” kasb ko‘rgazmasiga start berildi
2026-05-22 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida viloyat hokimligi, mutasaddi tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va innovatsion yo‘nalishlarga yo‘naltirish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida talabalar va bitiruvchilar uchun mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha keng ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar korxona va tashkilotlar vakillari bilan bevosita muloqot qilib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat shartlari hamda kelgusidagi faoliyat imkoniyatlari haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Ko‘rgazmada sanoat, xizmat ko‘rsatish, axborot texnologiyalari, bank-moliya, ta’lim va ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin ish beruvchi korxona va tashkilotlar ishtirok etmoqda. Ular tomonidan 800 dan ziyod vakant ish o‘rinlari taklif etilgan bo‘lib, bu yosh mutaxassislar uchun munosib ish topish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Bundan tashqari, tadbir doirasida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan bitiruvchilarga maslahatlar berish bo‘yicha ham maxsus maydonchalar tashkil etilgan. Mutaxassislar tomonidan mehnat qonunchiligi, rezyume tayyorlash, ish suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tish kabi mavzularda amaliy tavsiyalar berilmoqda.
“TalabaExpo – 2026” kasb ko‘rgazmasi yoshlar va ish beruvchilar o‘rtasida samarali muloqot maydonini yaratib, bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.









