Londonda pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
2026-05-20 14:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Xususan, Buyuk Britaniyaning Roehampton universiteti (University of Roehampton) prorektori Leigh Robinson bilan uchrashuv davomida pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy hamkorlik yoʻnalishlaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Roehampton universitetining oʻqituvchilar tayyorlash sohasidagi koʻp yillik tajribasi va amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim modeli alohida eʼtirof etildi. Universitetning maktablar bilan yaqin hamkorlik asosidagi tizimi Oʻzbekiston uchun ham dolzarb ekani taʼkidlandi.
Muzokaralar chogʻida oʻqituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, maktabgacha va boshlangʻich taʼlim sohasidagi hamkorlik, inklyuziv taʼlim modellarini joriy etish, akademik mobillik va qoʻshma taʼlim dasturlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, pedagogika, psixologiya, ijtimoiy fanlar va erta yosh taʼlimi yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar Oʻzbekiston pedagogika universitetlari va University of Roehampton oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, oʻqituvchilar uchun qisqa muddatli dasturlar tashkil etish, maktabgacha taʼlim boʻyicha qoʻshma seminarlar va tajriba almashinuv loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ham takliflar bildirdilar.


