Qatarning “Artan Holding” kompaniyasi bilan Yangi Toshkentda barpo etilishi rejalashtirilgan taʼlim klasteri loyihasi muhokama qilindi
2026-05-15 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish va zamonaviy taʼlim ekotizimlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan , Yangi Toshkent hududida xalqaro taʼlim klasterini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Britaniya xalqaro kunduzgi maktabi “DBS”, Britaniya meros internat maktabi “Glenalmond”, “Ulster” brendi asosidagi universitet hamda kasb taʼlimi akademiyasini oʻz ichiga olgan taʼlim majmuasini barpo etish loyihasi yuzasidan fikr almashildi.
Vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda taʼlim sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini, xalqaro hamkorlik va xususiy sektor ishtiroki tobora kengayib borayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, bugungi kunda maktabdan tortib oliy taʼlim va kasbiy tayyorgarlikkacha boʻlgan uzviy taʼlim ekotizimini shakllantirish muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda “Artan Holding” tomonidan taklif etilayotgan taʼlim klasteri loyihasi Yangi Toshkentning strategik rivojlanish konsepsiyasiga mos kelishi, mazkur tashabbus yuqori malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tomonlar oliy va kasbiy taʼlim sohalarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, zamonaviy oʻquv dasturlarini ishlab chiqish hamda mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.






