Markaziy Osiyo va Ozarbayjon olima ayollari forumi bo‘lib o‘tdi
2026-05-14 13:20:00 / Vazirlik yangiliklari
2026-yil 13-may kuni Buxoro shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida "Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: hozirgi zamon tahdidlari, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik" mavzusida xalqaro olima ayollar forumi bo‘lib oʻtdi.

Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonlik olimalar, parlament vakillari, ilmiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mintaqada ilmiy hamkorlikni kengaytirish, innovatsion ekotizimni rivojlantirish, ayollarning ilm-fandagi yetakchilik salohiyatini oshirish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Forum davomida panel sessiyalar ham tashkil etildi. Dastlabki sessiyada ilm-fan va innovatsiyalar orqali mintaqani rivojlantirish istiqbollari, ilmiy salohiyatni oshirish hamda xotin-qizlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi o‘rni muhokama qilindi.
Ikkinchi sessiyada esa barqaror rivojlanish, ekologiya, sun’iy intellekt, madaniy meros va jamoat salomatligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish hamda sun’iy intellektni ta’lim, tibbiyot va davlat boshqaruvida qo‘llash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiluvchi “SheScience Central Asia” olima ayollarning mintaqaviy tarmog‘ini yaratish bo‘yicha Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.




