Markaziy Osiyoda xotin-qizlar yetakchiligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-05-14 11:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi hamkorlik, xotin-qizlarning jamiyat hamda davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotiga raislik O‘zbekiston tomoniga o‘tgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yilgi kelishuvlar asosida Senat tomonidan muloqotning yillik dasturi ishlab chiqilgani, raislik muddatini ikki yilga uzaytirish hamda doimiy kotibiyat faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazining ushbu nufuzli tadbirda ishtiroki, shuningdek, “Yoshlarning preventiv diplomatiyadagi o‘rni” mavzusida sayd-ivent tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda 2026-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yosh parlament aʼzolarining 12-global konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.
Suhbat davomida ayollar va yoshlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, bu borada qo‘shma seminarlar tashkil etish hamda ilg‘or tajribalarni almashish bo‘yicha tizimli hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.



