Ochiq muloqot: vazir va yoshlar uchrashuvi
2026-05-07 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqotda vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov davlatimiz rahbarining joriy yilning 24-fevral kuni yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida belgilab berilgan muhim vazifalarga toʻxtaldi. Taʼkidlandiki, bugungi kunda yoshlarni xorijiy tillar va zamonaviy kasb-hunarga oʻrgatish, ularning istiqbolli startap loyihalarini moliyalashtirish vazirlik faoliyatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Suhbat davomida oʻzbekistonlik yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari, IT-texnologiyalar va sport maydonlarida erishayotgan tarixiy yutuqlari, shuningdek, yosh tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiyotidagi oʻrni alohida eʼtirof etildi. Xususan, 14 mingdan ziyod ishtirokchilarni birlashtirgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yoshlarni ilm-fan va yuksak texnologiyalar olamiga olib kirishda muhim platformaga aylangani qayd etildi.
Soʻng talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar va innovatsion takliflari bilan faol ishtirok etdilar. Xususan, yoshlar tomonidan universitetda robototexnika laboratoriyasini tashkil etish, aviatsiya yoʻnalishining boshlangʻich kurslaridayoq maxsus simulyatorlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish hamda “Work and Travel” dasturi doirasida xorijda malaka oshirish tizimini kengaytirish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Vazir har bir murojaatga ochiq va batafsil javob berib, bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan universitet rektori hamda vazirlik masʼullariga aniq vazifalar belgilab berdi.
«Bizning asosiy maqsadimiz – har bir yoshning oʻz iqtidorini namoyon etishi uchun munosib sharoit yaratish va ularni mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis boʻlib yetishishlariga koʻmaklashishdir», – dedi Qoʻngʻirotboy Sharipov.







