Oliygohlarda startap ekotizimini rivojlantirish masalalari muhokama etildi
2026-05-06 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 11 fevraldagi «Startaplarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi doirasida oliy taʼlim muassasalarida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks tizimini shakllantirish, «Oliygohlar — startaplar generatori» dasturini amalga oshirish hamda mazkur yoʻnalishda belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida oliy taʼlim muassasalarini nafaqat innovatsion gʻoyalar manbai, balki real investitsiyalarni jalb etuvchi va sanoat buyurtmalarini shakllantiruvchi markazlarga aylantirish, bunda yetakchi xorijiy davlatlarning tajribalarini oʻrganish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Shu bilan birga, tizimda mavjud muammolar, xususan, malakali mentor va trekerlar yetishmasligi, chekka hududlardagi talabalarning axborotdan uzilib qolishi, shuningdek, startap gʻoyalarini moliyalashtirishdagi qiyinchiliklar atroflicha koʻrib chiqildi.
Yigʻilish yakunida qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, «Inno» texnoparki bilan hamkorlikda mentor va trekerlar tayyorlash dasturlarini yoʻlga qoʻyish, oliy taʼlim muassasalarida startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha bir yillik «Yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish, startap markazlarini tashkil etish hamda talabalar gʻoyalarini dastlabki bosqichda moliyalashtirish uchun maxsus fond yaratish taklif etildi.
Bundan tashqari, startap subyektlari oʻrtasida samarali axborot almashinuvini taʼminlash maqsadida «Startupbase» yagona elektron platformasini ishga tushirishga kelishib olindi.









