Andijonda “Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash” sport sinovlari o‘tkazildi
2026-05-04 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, OMilliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, dzyudo bo‘yicha Parij–2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova, shuningdek oliy ta’lim muassasalari talabalari, jismoniy tarbiya fani ustozlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Sport sinovlari doirasida ishtirokchilar arg‘amchida sakrash, 60 metrga yugurish, 3x10 metrga mokisimon yugurish, yerga tayangan holda qo‘llarni bukish va yozish, kurakda yotgan holda gavdani 90 darajaga ko‘tarish hamda savatga to‘p tashlash yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z jismoniy tayyorgarlik darajalarini namoyish etdilar.
Musobaqa jarayonlari tajribali hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, ishtirokchilarning natijalari aniq mezonlar asosida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida: 5-maydan 20-mayga qadar oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida ikki bosqichda sport sinovlari o‘tkazilishi belgilangan. Birinchi bosqich 5–15-may kunlari davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida ularning sport maydonlarida tashkil etiladi. Ikkinchi bosqich esa 15–20-may kunlari xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida o‘tkaziladi.









