Qarshida Germaniya bilan hamkorlikdagi loyihalar va innovatsion muhandislik markazi faoliyati oʻrganildi
2026-04-30 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘rganish davomida vazirning birinchi oʻrinbosariga viloyat hokimi oʻrinbosari Anvar Qobilov va universitet rektori Sherzod Neʼmatov hamrohlik qildilar.
Dastlab, Oʻzbekiston-Germaniya hamkorligida tashkil etilgan “Xorijiy tillar va kasbga oʻqitish markazi” faoliyati koʻzdan kechirildi. Markazda oʻquv jarayonining sifati, zamonaviy metodlar va yoshlarning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish masalalari tahlil qilindi. Sardor Rajabov oʻquv kursi tinglovchilari bilan samimiy suhbatlashib, ularning til oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqi bilan qiziqdi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Germaniyaning “Prosika” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ushbu loyiha orqali joriy yilning oʻzida 3 ming nafar, 2030-yilga qadar esa jami 50 ming nafar yoshni nufuzli nemis kompaniyalariga ishga yuborish rejalashtirilgan.
O‘rganishning keyingi manzili universitetda yangidan bunyod etilgan Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi (Fab-lab) boʻldi. Bu yerda laboratoriya va ishlab chiqarish sexlari, xususan, “Energo Control Lab” energiya audit markazi, yongʻin oʻchirish qurilmalariga xizmat koʻrsatish sexi hamda mexatronika va robototexnika laboratoriyalari faoliyati oʻrganildi. Yoshlarning innovatsion gʻoyalarini tijoratlashtirish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, bugun “Yoshlar kuni” munosabati bilan markaz binosida talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda mamlakatimiz taʼlim tizimidagi islohotlar, muhandis kadrlarni tayyorlash istiqbollari va iqtidorli talabalarning yutuqlari haqida soʻz yuritildi. Yoshlar oʻz taklif va mulohazalarini bevosita rahbarlarga yetkazish imkoniga ega boʻldilar.
Yakunida masʼullarga markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash samaradorligini oshirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.









