Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Vazir va yoshlar muloqoti” o‘tkazildi
2026-04-30 11:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur uchrashuvda universitet talabalari, yosh olimlar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, ta’lim tizimidagi islohotlar va istiqbolli rejalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Vazir o‘z nutqida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari va yoshlar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, yoshlarni ilmiy faoliyatga tizimli jalb etish va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillarni o‘rganish va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, talabalar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar va imtiyozlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirning savol-javob qismida talabalar ta’lim sifati, xalqaro grant dasturlari, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish hamda bitiruvchilar bandligi masalalari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Vazir tomonidan yoshlarning har bir taklifi va tashabbusi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
“Yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularni zamonaviy kadrlar qilib tarbiyalash bizning eng muhim vazifamizdir,” – deya qayd etdi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Uchrashuv yakunida savol va takliflari bilan faol ishtirok etgan bir guruh talabalarga vazir tomonidan dastxat qo‘yilgan esdalik kitoblari topshirildi.
Shuningdek, universitet jamoasi tomonidan professor-o‘qituvchilar qalamiga mansub ilmiy-adabiy asarlar vazirga taqdim etildi.









