Talaba Expo – 2026: Termiz davlat pedagogika institutida ochiq muloqot oʻtkazildi
2026-04-29 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Termiz davlat pedagogika institutida Talaba Expo – 2026 doirasida “Yoshlar kuni” munosabati bilan bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov hamda institut rektori Azizbek Xasanov ishtirok etdi.

Mazkur uchrashuv yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash, zamonaviy kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga qaratilgan “Kelajakka qadam” dasturining mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda bitiruvchi yoshlarning fikr va takliflarini tinglash maqsadida oʻtkazildi.
Samimiy va ochiq muloqot davomida yoshlar siyosati yoʻnalishida belgilangan ustuvor vazifalar — sifatli taʼlim, bandlikni taʼminlash, munosib ish oʻrinlari yaratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʻzmilliybank tomonidan amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Dastur doirasida “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Biznes start”, “Biznes progress”, “Talaba invest” va “Mening birinchi kasbim” kabi yoʻnalishlar orqali yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning biznes gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida bitiruvchi talaba-yoshlar oʻzlarining biznes loyihalari, bandlik va kasbiy faoliyatga oid masalalar yuzasidan savollar berib, mutaxassislardan batafsil javoblar va amaliy tavsiyalar oldilar.
Tadbir yakunida oʻz biznes faoliyatini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻygan faol bitiruvchilarga 300 million, 200 million va 100 million soʻmlik vaucherlar topshirildi.
Mazkur tadbir “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularning kelgusida munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashishda muhim ahamiyat kasb etdi.









