“Navro‘z nafasi va Amir Temur saltanati madaniyatlari” festivali o'tkazildi
2026-04-24 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir milliy qadriyatlarni ulug‘lash, turli xalqlar madaniyati o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, shuningdek, buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temur merosini keng targ‘ib etishga qaratildi.
Festivalda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng'irotboy Sharipov hamda mehmonlar tantanali ravishda kutib olinib, universitet hududida tashkil etilgan milliy sayl va madaniy ko‘rgazmalar bilan tanishtirildi.
Tadbirni universitet rektori prof. dr. Sherzodxon Qudratxo'ja tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Undan so'ng bayram dasturida Amir Temurning tantanali kutib olinishi harbiy orkestr ijrosida sahnalashtirildi, Gruziya, Hindiston va Turkiya milliy raqslari ijro etildi,
“Amir Temurning jang oldi mashvarati” nomli sahna ko‘rinishi namoyish etildi;
Mudofaa vazirligi ansambli chiqishlari tomoshabinlarga yuqori kayfiyat ulashdi;
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn universiteti talabalari tomonidan milliy liboslar moda ko‘rgazmasi ham tashkil etildi hamda xonandalar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Tadbirda Misr, Eron, Pokiston, Bangladesh, Xitoy, Gruziya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iordaniya kabi davlatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mazkur festival nafaqat Navro‘z bayramining boy an’analarini namoyon etdi, balki turli millat va madaniyat vakillarini bir maydonda jamlab, o‘zaro hurmat va hamkorlik ruhini mustahkamlashga xizmat qildi.









