Vazir “INNO” texnoparkida yosh muhandislar bilan muloqot qildi
2026-04-23 19:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab, vazir yosh startapchilarning innovatsion g‘oyalari, startap loyihalari va ishlanmalari bilan yaqindan tanishdi. So‘ng ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, startap ekotizimini rivojlantirish uchun yaratilgan mavjud imkoniyatlar, talabalarning innovatsion loyihalarini tijoratlashtirish va iqtisodiyotga tatbiq etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Yosh startapchilar o‘z loyihalari, taklif hamda tashabbuslarini bildirdilar.
Tadbir doirasida vazir sohani takomillashtirishga qaratilgan so‘nggi islohotlar haqida to‘xtalib, muhim yangilikni e’lon qildi. Davlat rahbarining farmoniga muvofiq yangi tashkil etilgan Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi direktorligiga Akbarxon Sobirxonov tayinlandi.
Mazkur yangi tashkil etilgan Ofisning asosiy vazifasi iqtidorli talabalar va yosh olimlarning startap loyihalariga har tomonlama ko‘maklashish hamda ilm-fan yutuqlarini iqtisodiyotning real sektori bilan integratsiya qilishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Ofis rahbari A. Sobirxonov joriy yilning 28–30-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy mehmonlarni munosib kutib olish va yoshlar uchun festivallarning amaliy foydasi yuzasidan rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi.









