Energiya samaradorligi va dual taʼlim: ustuvor vazifalar muhokama qilindi
2026-04-18 21:45:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov raisligida yoqilgʻi-energetika sohasida energiya samaradorligini oshirish hamda bitiruvchi talabalarni dual taʼlim asosida tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan onlayn yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda respublikadagi texnika oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari, energetika fakultetlari dekanlari ishtirok etdi. Yigʻilishda sohadagi dolzarb vazifalar, amaliy mexanizmlar va taʼlim bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Vazir oʻz nutqida davlat rahbari huzurida 2026-yil 15-aprel kuni energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha oʻtkazilgan taqdimotga toʻxtalib, mazkur yoʻnalishda Prezident qaror loyihasini ishlab chiqish yuzasidan aniq topshiriqlar berilganini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan Energetika vazirligi, sohaviy korxonalar hamda vazirlik tizimi tashkilotlari oldiga dual taʼlim tizimini keng joriy etish va aholi oʻrtasida energiya madaniyatini oshirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda dual taʼlimni samarali tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, oʻquv dasturlarini amaliy jarayonlar bilan uygʻunlashtirish, shuningdek, ilmiy va innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, har yili “Eng yaxshi ilmiy ishlanma” startap tanlovlarini oʻtkazish, gʻolib loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etish va mualliflarni ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, talabalarni bosqichma-bosqich dual taʼlimga jalb qilish tartibi belgilab berildi: birinchi kursda 80/20, ikkinchi kursda 60/40, uchinchi kursda 50/50 nisbatda nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlanishi lozimligi taʼkidlandi. Toʻrtinchi kurs talabalarini esa 2–3 oylik muddatga ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish orqali ularning kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Vazir, shuningdek, energiya samaradorligi boʻyicha amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlariga toʻxtalib, hozirgi kunda respublika boʻylab 300 dan ortiq professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar va 150 nafardan ziyod talabalar ishtirokida 14 ta hududda energiya resurslaridan samarali foydalanish masalalari ilmiy asosda oʻrganilayotganini bildirdi.
Sanoat korxonalarida energiya audit tizimini joriy etish maqsadida 15 ta oliy taʼlim muassasasida energiya auditorlarini tayyorlash boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilgani va ushbu amaliyotni 2026-yilda yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida yigʻilish ishtirokchilariga mazkur yoʻnalishlar boʻyicha aniq va amaliy takliflarni ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi.






