Kelajak muhandislari maydoni: Tashkent Tech’da iqtidorlar saralandi
2026-04-17 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, yosh innovatorlar hamda talaba-yoshlar keng ishtirok etdi.
Saralash bosqichi doirasida 3D modellashtirish, raketa modellashtirish hamda AI Health xakaton yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, respublikaning turli hududlaridan 300 ga yaqin iqtidorli yoshlar o‘z bilim va innovatsion yondashuvlarini namoyon etdilar. Yakunda eng yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalarga vazir sovg‘alari topshirilib, ular respublika final bosqichiga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, tadbir davomida universitet hududida “Muhandislar Eko bog‘i” tashkil etilib, vazir va yoshlar ishtirokida daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu tashabbus yosh avlodda ekologik madaniyatni shakllantirish bilan birga, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, Foundation dasturi o‘quvchilari hamda INNO innovatsion texnopark yoshlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazilib, ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur tadbir yoshlarning muhandislik va innovatsiyalar sohasiga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kelajak muhandislarini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.









