Endi har yili malaka oshirishda eng yaxshi natija koʻrsatgan 50 nafar taʼlim ustalari, umumtaʼlim va maxsus fanlar oʻqituvchilari xorijga yuboriladi
2026-04-16 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Malaka oshirishda eng yaxshi natija koʻrsatgan ishlab chiqarish taʼlimi ustalari, umumtaʼlim fanlari va maxsus fan oʻqituvchilarini aniqlash tartibi
1. Ushbu tartib texnikumlarning malaka oshirish jarayonlarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan umumta’lim va maxsus fan o‘qituvchilari hamda ishlab chiqarish ta’lim ustalarini xorijga malaka oshirishga yuborish uchun saralash tartibini belgilaydi.
2. 2026–2030-yillar davomida har yili malaka oshirishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 50 nafardan ishlab chiqarish ta’lim ustalari, umumta’lim fanlari va maxsus fan o‘qituvchilari (keyingi o‘rinlarda – pedagoglar) malakasini oshirish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik)ning Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijga yuboriladi.
3. Texnikumlarning xorijga malaka oshirish uchun yuboriladigan pedagoglari ro‘yxati Agentlikda doimiy faoliyat yurituvchi maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda – Maxsus komissiya) tomonidan tasdiqlanadi.
4. Maxsus komissiya tarkibi Agentlik direktori tomonidan kamida 5 kishidan iborat (direktor buyrug‘i bilan) quyidagi tarkibda tasdiqlanadi:
komissiya raisi – Agentlik direktorining o‘rinbosari;
komissiya raisi o‘rinbosari – Agentlikning yo‘nalishga mas’ul tarkibiy bo‘linmasi rahbari;
mas’ul kotib va komissiyaning qolgan a’zolari Agentlik xodimlaridan tayinlanadi.
5. Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tomonidan malaka oshirishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan pedagoglar my.moqt.uz raqamli platformasidagi portfoliolari ko‘rsatkichlari bo‘yicha va yakuniy attestatsiyada qo‘yilgan (test sinovlari va bitiruv malakaviy ishi himoyasi uchun qo‘yilgan ballar yig‘indisi) ballar yig‘indisiga ko‘ra saralanadi.
Bunda, Institut my.moqt.uz raqamli platformasini texnikumlar pedagog kadrlari malakasini oshirish kurslarini tashkil etadigan institutlar, markazlar va fakultetlarning raqamli platformalarini integratsiya qiladi va pedagog kadrlari malaka oshirish kurslari natijalarini umumlashtirish orqali saralaydi.
6. Institut tomonidan saralash natijalari bo‘yicha yakuniy ro‘yxat 15-yanvarga qadar Maxsus komissiyaga taqdim etiladi.
7. Saralash jarayonida bir nechta pedagoglarning ko‘rsatkichlari teng kelganida, Maxsus komissiya tomonidan pedagoglarga quyidagilar bo‘yicha ustuvorlik beriladi:
a) ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xorijiy til bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan til bilish darajasining B1 darajadagi sertifikat uchun 1 ball, B2 darajadagi sertifikat uchun 2 ball, C1 va undan yuqori darajadagi sertifikat uchun 3 ball;
b) maxsus fanlar o‘qituvchilariga xorijiy til bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan til bilish darajasining B1 darajadagi sertifikat uchun 1 ball, B2 darajadagi sertifikat uchun 2 ball, C1 va undan yuqori darajadagi sertifikat uchun 3 ball;
d) umumta’lim fanlari o‘qituvchilariga (xorijiy til fani o‘qituvchilari bundan mustasno) xorijiy til bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan til bilish darajasining B1 darajadagi sertifikat uchun 1 ball, B2 darajadagi sertifikat uchun 2 ball, C1 va undan yuqori darajadagi sertifikat uchun 3 ball;
bunda, xorijiy til fani o‘qituvchilariga xorijiy til bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan til bilish darajasining C1 darajadagi sertifikat uchun 1 ball, C2 darajadagi sertifikat uchun 2 ball.
8. Maxsus komissiya sertifikatlarni muvofiqligini O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2024-yil 4-apreldagi 4-q/9-son, 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarorining 3-bobiga (Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan raqami – 3515) asosan aniqlaydi.
9. 2026-yildan boshlab malaka oshirish uchun xorijga yuboriladigan pedagoglarning yakuniy ro‘yxati Maxsus komissiya tomonidan keyingi kalendar yilining 20-yanvar kuniga qadar tasdiqlanadi va malaka oshirishga yuborish mart oyidan boshlab amalga oshiriladi.
2026-yilda xorijga malaka oshirish uchun yuboriladigan pedagoglar 2025-yilda malaka oshirgan pedagoglar orasida saralanadi.
10. Maxsus komissiya va Institut malaka oshirish jarayonlarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan pedagoglarni xorijga malaka oshirishga yuborish bilan bog‘liq jarayonlarni tashkil etishda xolislik, ochiqlik, oshkoralik tamoyillariga tayangan holda, belgilangan tartibga muvofiq olib boradi.
11. Xorijga malaka oshirish uchun yuboriladigan davrda pedagoglar kasbiy ta’lim tizimida faoliyatini yakunlagan yoki o‘z xohishiga ko‘ra malaka oshirishga borishni rad etgan taqdirda, bo‘shagan o‘rinlar uchun nomzodlarni saralash ballar ketma-ketligi bo‘yicha amalga oshiriladi.
11. Xorijda malaka oshirib qaytgan pedagoglar texnikumdagi boshqa pedagoglar uchun kamida bir marta seminar o‘tkazadi.
12. Texnikum direktori o‘z xulosasini pedagoglar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan qoidabuzarliklari, odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, shaxsiy fazilatlari va boshqalarni inobatga olgan holda taqdim etadi.
13. Mazkur tartibga asosan xorijga malaka oshirish uchun yuboriladigan pedagog kadrlarga kamida uch yildan so‘ng saralashda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
