YANGI O‘ZBEKISTON OLIY TA’LIMI: RAQOBATBARDOSH TIZIMGA YO‘L
2026-04-16 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasi izchil yangilanib bormoqda — bu o‘zgarishlar kundalik hayotimizda ham, kelajakka ishonchimizda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar zamirida inson kapitaliga sarmoya kiritish, intellektual salohiyatni yuksaltirish va ilm-fanni iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylantirishdek ulkan maqsadlar mujassam.
Prezidentimizning “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni esa ushbu jarayonlarga yanada kuchli sur’at baxsh etadi. Mazkur hujjat sohadagi islohotlarni izchil davom ettirib, oliy ta’lim va ilm-fanni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Besh tayanch tamoyil — yangi tizim asosi
Islohotlar markazida “5 T” tamoyili — ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish ustuvor o‘rin tutadi. Bu yondashuv oliy ta’lim tizimiga mutlaqo yangi mazmun bag‘ishlaydi. Endilikda universitetlar bilim beruvchi muassasa bo‘lish bilan birga, yosh avlodning dunyoqarashi, mas’uliyati va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan muhit sifatida shakllanadi.
Ta’lim zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni berishni anglatsa, tarbiya yoshlarda vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati va qadriyatlarga sadoqatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadqiqot esa universitetlarning ilmiy salohiyatini oshirish, yangi bilim va yechimlar yaratishga yo‘naltirilgan. Bunda xalqaro ta’lim va ilmiy dasturlarda faol ishtirok etish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhim yangiliklardan biri — tijoratlashtirish tamoyili, u ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, innovatsiyalarni iqtisodiyotga olib kirish va ulardan qiymat yaratishni nazarda tutadi. Ayniqsa, hududlardagi dolzarb muammolarga yechim bo‘ladigan amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni tijoratlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalasi ustuvor vazifaga aylanmoqda. Tizimli takomillashtirish esa ushbu jarayonlarning barchasini uzviy va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Bu yondashuv oliy ta’limni faqat bilim berish tizimi doirasidan chiqarib, uni mamlakat taraqqiyotining muhim drayveriga aylantiradi. Endi universitetlarda yaratilgan ilmiy g‘oyalar laboratoriyalarda qolib ketmaydi, balki ishlab chiqarishga, biznesga va jamiyat hayotiga kirib boradi.
Eng muhimi, universitetlar endilikda ilmiy g‘oyalar shakllanadigan, startaplar paydo bo‘ladigan, innovatsiyalar tijoratlashtiriladigan va iqtisodiyotga real hissa qo‘shadigan zamonaviy intellektual markazlarga aylanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy izlanish va yangilik yaratishga undash, eng asosiysi, bilimga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirishga zamin yaratadi.
“U-10”: Milliy tadqiqot universitetlari
Yangi tizimning eng muhim va strategik yangiliklaridan biri “U-10” loyihasi doirasida milliy tadqiqot universitetlarini shakllantirishdir. Bu tashabbus orqali mamlakatimizda ilmiy salohiyatni birlashtirish, ta’lim va tadqiqotni uyg‘unlashtirish hamda universitetlarni global ilmiy makonning faol ishtirokchisiga aylantirish maqsad qilingan.
“U-10” doirasida ilmiy tadqiqot faoliyati ustuvor bo‘lgan, yuqori intellektual muhitga ega, innovatsiya yaratishga qodir zamonaviy universitetlar tanlab olinadi. Ular faoliyatining asosini ilmiy klasterlar tashkil etadi. Ya’ni bir universitet atrofida mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy tashkilotlar, sanoat korxonalari va biznes subyektlarini birlashtirgan yagona ekotizim vujudga keladi.
Bunday yondashuv ilmiy g‘oyalarni tezkor ravishda amaliyotga joriy etish, ishlab chiqarish bilan ilm-fan o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta’minlash imkonini beradi. Eng muhimi, tadqiqot natijalari laboratoriya doirasida qolib ketmay, iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etiladi.
“U-10” universitetlari nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bu esa qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli tizimlar, xalqaro ilmiy loyihalar va akademik almashinuvlarni kengaytirishga yo‘l ochadi. Natijada milliy universitetlarimiz xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash, eng ilg‘or ta’lim va tadqiqot standartlarini joriy etishga erishadi.
Mazkur universitetlar davlat tomonidan kuchli moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Ilmiy klasterlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalarga yirik hajmda mablag‘ ajratilishi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilishi, iqtidorli olimlar va yosh tadqiqotchilarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Eng muhim jihat — “U-10” nafaqat universitetlarni rivojlantirish loyihasi, balki butun bir ilm-fan va innovatsiya ekotizimini shakllantirish modeli hisoblanadi. Ushbu tizim orqali O‘zbekistonda kuchli ilmiy maktablar paydo bo‘ladi, yangi avlod tadqiqotchilari shakllanadi va innovatsion iqtisodiyotga mustahkam zamin yaratiladi.
Shu tariqa “U-10” loyihasi mamlakatimizni Markaziy Osiyoda ta’lim va ilm-fan markaziga aylantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biriga aylanadi.
Natijaga qarab moliyalashtirish
2027-yildan boshlab oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirish tizimida mutlaqo yangi yondashuv joriy etiladi. Bu universitetlar faoliyatini samaradorlik, sifat va aniq natijalarga bog‘lashga qaratilgan tizimli islohotdir.
Endilikda oliy ta’lim muassasalari milliy reyting asosida baholanadi. Ushbu reytingda universitetlarning o‘quv jarayoni, ilmiy salohiyati, xalqaro faolligi, raqamlashtirish darajasi, shuningdek, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi o‘rni kabi muhim ko‘rsatkichlar inobatga olinadi. Ya’ni ta’lim muassasasi qanchalik sifatli bilim bersa, qanchalik ilmiy yangilik yaratsa va uning bitiruvchilari hayotda o‘z o‘rnini topsa, shunchalik yuqori baholanadi.
Shunga mos ravishda moliyalashtirish ham differensial tarzda amalga oshiriladi. Yuqori natija ko‘rsatgan, samarali faoliyat yuritgan universitetlar ko‘proq moliyaviy rag‘batga ega bo‘ladi. Bu esa resurslarni adolatli taqsimlash, ularni eng samarali ishlayotgan muassasalarga yo‘naltirish imkonini beradi.
Yana bir muhim jihat — bir nafar talabani o‘qitish xarajatlari ham aniq mezonlar asosida hisoblanadi. Bunda professor-o‘qituvchilar yuklamasi, ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, moddiy-texnika bazasi, universitetning ilmiy yo‘naltirilganligi va hududiy xususiyatlari kabi omillar inobatga olinadi. Bu esa har bir yo‘nalish va har bir muassasaning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda moliyalashtirishni ta’minlaydi.
Eng muhimi, ushbu tizim universitetlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi. Endi har bir oliy ta’lim muassasasi faqat reja bajarish emas, balki aniq natija — sifatli ta’lim, kuchli ilmiy faoliyat va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash uchun harakat qiladi. Natijada oliy ta’lim tizimida “samaradorlik — asosiy mezon” tamoyili qaror topadi. Bu esa butun tizimni yanada ochiq, adolatli va raqobatbardosh qilishga xizmat qiladi.
Ilm-fan: sifat va samaradorlikka o‘tish
Bugungi islohotlar doirasida ilm-fan sohasiga munosabat mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, uning asosiga sifat, samaradorlik va amaliy natija tamoyillari qo‘yilmoqda.
Endilikda davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar aniq ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi. Bu esa ilmiy tadqiqotlarning mamlakat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lishini ta’minlaydi. Ilmiy loyihalar tanlovi esa faqat ichki baholash bilan cheklanib qolmay, xalqaro ekspertiza asosida amalga oshiriladi. Nufuzli xorijiy tashkilotlar va yetakchi universitetlar ishtirokidagi baholash tizimi tadqiqotlar sifati va xolisligini kafolatlaydi.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri amaliy natijaga yo‘naltirilganlikdir. Endi ilmiy ishlanmalardan aniq iqtisodiy va ijtimoiy samara berish talab etiladi. Yaratilgan ilmiy g‘oyalar ishlab chiqarishga joriy etilishi, yangi texnologiyalar, mahsulot va xizmatlarga aylanishi ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Shuningdek, ajratilayotgan mablag‘larning kamida yarmi mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ustuvor sohalarga yo‘naltirilishi belgilanmoqda. Bu esa energiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat, axborot texnologiyalari kabi tarmoqlarda ilmiy yechimlarni jadal joriy etishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat — moliyalashtirish tizimining ochiq va natijaga bog‘liqligi ta’minlanmoqda. Loyihalar belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishgan taqdirda moliyalashtirish davom ettiriladi. Bu esa har bir ilmiy jamoani mas’uliyat bilan ishlash, aniq natijaga erishishga undaydi. Umuman olganda, ushbu yondashuv ilm-fanni iqtisodiy o‘sishning muhim omiliga aylantirishga zamin yaratadi.
O‘zbekiston — xalqaro ta’lim xabi
Islohotlar doirasida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini xalqaro maydonga olib chiqish, O‘zbekistonni mintaqadagi nufuzli ta’lim markaziga aylantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar yurtimizning ochiqlik siyosati, intellektual salohiyati va ta’lim sifatining o‘sib borayotganini dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda “Study in Uzbekistan” platformasini yanada takomillashtirish va rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Mazkur platforma xorijlik abituriyentlar uchun mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga kirish jarayonlarini soddalashtiradi, ularga qulay va shaffof qabul imkoniyatlarini yaratadi. Eng muhimi, universitetlarga xorijlik talabalarni mustaqil qabul qilish vakolati berilishi ularning xalqaro raqobatbardoshligini oshiradi, ta’lim dasturlarini jahon talablariga mos ravishda takomillashtirishga turtki beradi.
Shu bilan birga, har yili 500 nafargacha iqtidorli xorijlik talaba uchun grantlar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu mamlakatimiz ta’lim muassasalariga xorijlik fuqarolar orasidan iqtidorli yoshlarni yanada faol jalb qilish, turli madaniyat va tajribalar almashinuvini kuchaytirish, akademik muhitni yanada boyitish imkonini beradi. Bunday muhit, o‘z navbatida, talabalarimizning dunyoqarashini kengaytiradi, ularni global fikrlaydigan mutaxassislar sifatida shakllantiradi.
Mazkur islohotlar orqali O‘zbekiston ta’lim eksportini izchil amalga oshiradi, xalqaro ta’lim bozorida o‘rnini mustahkamlaydi. Kyelayotgan har bir xorijlik talaba bilim olish asnosida yurtimiz madaniyati, salohiyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishadi.
Shu tariqa O‘zbekiston bosqichma-bosqich mintaqadagi ta’lim xabiga aylanib boradi. Bu esa nafaqat ta’lim sohasida, balki mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishda ham muhim omil bo‘ladi.
Raqamlashtirish va yangi infratuzilma
Farmon bilan raqamlashtirish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi zamonda raqamli texnologiyalar ta’lim sifatini oshirish, boshqaruvni samarali tashkil etish va inson omili ta’sirini kamaytirishda hal qiluvchi omilga aylanmoqda. Shu bois, oliy ta’lim tizimida zamonaviy raqamli infratuzilmani shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Jumladan, “Karera” platformasi ishga tushirilishi bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda mutlaqo yangi yondashuvni joriy etadi. Ushbu platforma orqali talabalarning bilim va ko‘nikmalari, qiziqishlari hamda mehnat bozori ehtiyojlari o‘rtasida samarali bog‘liqlik ta’minlanadi. Bu esa bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
“Talabaning raqamli pasporti” joriy etilishi har bir talaba haqidagi barcha ma’lumotlar —o‘qish ko‘rsatkichlari, faolligi, yutuqlari va ko‘nikmalarini yagona tizimda jamlash imkonini beradi. Bu ma’lumotlar ta’lim sifatini tahlil qilish, individual yondashuvni kuchaytirish va talabalarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, barcha elektron xizmatlarni birlashtiruvchi yagona ta’lim portalini yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platforma orqali talabalar, professor-o‘qituvchilar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar soddalashadi, xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi. Bu esa vaqt va resurslarni tejash, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish sun’iy intellekt asosida baholash tizimlarini joriy etishdir. Bu orqali bilimlarni baholash jarayonida xolislik, aniqlik va shaffoflik ta’minlanadi, inson omili bilan bog‘liq subyektivliklar bartaraf etiladi. Ayni paytda masofaviy ta’limni yanada takomillashtirish, uning sifatini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Talaba — tizim markazida
Amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim va ustuvor jihati inson omiliga, ya’ni talabaga qaratilayotgan e’tiborning keskin ortishidadir. Yangi yondashuvda talabaga faqat ta’lim jarayoni ishtirokchisi emas, balki butun tizimning markaziy figurasi sifatida qaralmoqda.
Endilikda ta’lim jarayoni talabaning mustaqil fikrlashini, tahlil qilish qobiliyatini va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Baholash tizimi ham aynan shu mezonlarga asoslanadi, ya’ni yodlash emas, balki tushunish, fikr yuritish va yechim topish qobiliyati ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu esa yoshlarni tayyor bilim iste’molchisidan mustaqil fikrlovchi, tashabbuskor shaxsga aylantirishga imkon beradi.
Ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari ishlab chiqarish, biznes va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib, talabalarning o‘qish jarayonidayoq amaliyot o‘tashi, real ish muhitini his qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu esa bitiruvchilarning mehnat bozoriga tayyor holda kirib kelishini ta’minlaydi.
Ijtimoiy himoya va imkoniyatlarni kengaytirish ham islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Talabalar uchun qulay ta’lim muhiti yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojmand yoshlarga keng imkoniyatlar berish orqali ta’limda tenglik va adolat ta’minlanadi.
Eng muhim yangiliklardan biri — bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi ta’lim sifatiga berilgan asosiy baho mezoniga aylanmoqda. Endi universitet faoliyati faqat diplom berish bilan emas, balki uning bitiruvchilari qay darajada hayotda o‘z o‘rnini topayotgani bilan baholanadi. Bu esa oliy ta’lim tizimini yanada mas’uliyatli, natijaga yo‘naltirilgan va hayot bilan uzviy bog‘langan tizimga aylantiradi. Eng muhimi, bunday yondashuv orqali bilimli, raqobatbardosh va zamon talablariga javob beradigan yangi avlod shakllanadi.
Bugun boshlangan islohotlar mohiyatiga ko‘ra faqat bir sohadagi o‘zgarishlar emas, balki mamlakatimiz taraqqiyotining uzoq muddatli yo‘nalishini belgilab beruvchi muhim strategik qadamdir. Chunki oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimi har qanday davlatning intellektual salohiyati, iqtisodiy qudrati va kelajak taraqqiyotini belgilaydigan asosiy ustunlardan biridir.
Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida yangi O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi mazmunan va mohiyatan yangi qiyofaga kirmoqda. U raqobatbardoshligi bilan ajralib turadigan, innovatsiyalarni yaratish va joriy etishga qodir, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallay oladigan tizimga aylanib bormoqda. Universitetlar faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki ilmiy va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi zamonaviy intellektual markaz sifatida shakllanmoqda.
Asosiysi, bu islohotlar orqali inson kapitaliga e’tibor mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilib, ularning bilim olishi, izlanishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda. Ana shu jarayonlar natijasida bilimli, tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan va global raqobatga tayyor yangi avlod shakllanadi.
Aynan shunday avlod mamlakatimizning ertangi kuni, uning barqaror taraqqiyoti va xalqaro maydondagi muvaffaqiyatining eng ishonchli kafolatidir.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
