Vazirlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari oʻrtasida hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qildilar
2026-04-13 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari

“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari oʻrtasida hamkorlikning yangi yoʻnalishlari” mavzusida oʻtgan mazkur sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Tojikiston Respublikasi taʼlim va fan vaziri Rahim Hamro Saidzoda, Qirgʻiz Respublikasi taʼlim va fan vaziri oʻrinbosari Durus Kozuyev hamda Polsha Respublikasi fan va oliy taʼlim sohasi bosh direktori Marsin Iskra ishtirok etib, oʻz maʼruzalari bilan qatnashdilar.
Toshkent shahridagi Vestminster xalqaro universiteti rektori Komiljon Karimov moderatorlik qilgan panel sessiyada oliy taʼlim sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, universitetlar oʻrtasidagi hamkorlikni institutsional darajada rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, shuningdek, innovatsiyalar va raqamli transformatsiya sharoitida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Kongressda ikki diplomli taʼlim dasturlarini kengaytirish, sunʼiy intellekt, biomeditsina va “yashil” texnologiyalar sohalarida qoʻshma tadqiqotlar olib borish, Erasmus+ va Horizon Europe dasturlarida ishtirokni faollashtirish hamda universitet va sanoat oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.









