Oʻzbekiston–Polsha hamkorligi: oliy taʼlim va fan sohasida yangi imkoniyatlar
2026-04-13 10:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasida oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar universitetlararo aloqalarni kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Ilhom Sirojev oʻz soʻzida Markaziy Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini taʼkidlab, bugungi hamkorlik ana shu anʼanalarning zamonaviy davomi ekanini qayd etdi. Shuningdek, u mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, taʼlim sifati va innovatsion taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik tajriba almashish, ilgʻor yondashuvlarni joriy etish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Polsha Respublikasi fan va oliy taʼlim vaziri Marsin Kulasek esa Oʻzbekiston bilan akademik hamkorlikni yuqori baholab, mazkur kongress ikki mintaqa oʻrtasidagi amaliy sheriklikni mustahkamlash uchun muhim platforma ekanini qayd etdi. U Polsha universitetlari Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari, ilmiy konsorsiumlar va innovatsion loyihalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, u hozirgi kunda Oʻzbekistonlik talabalar soni boʻyicha Polshada TOP-10 davlatlar qatoriga kirishini taʼkidlab, bu kelgusida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini qayd etdi.
Qoʻngʻirotboy Sharipov oʻz nutqida Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasida kasbiy taʼlim sohasida ham hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, bu yoʻnalish zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlashda hal qiluvchi omil ekanini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan, u kasbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, dual taʼlim elementlarini joriy etish, ish beruvchilar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, oʻquv dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash zarurligini alohida taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.









