Buxoro ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi — zamonaviy kasblar markazi
2026-04-12 11:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida vazir muassasa faoliyati bilan atroflicha tanishdi. Jumladan, taʼlim jarayonining tashkil etilishi, oʻquv-amaliy laboratoriyalar, zamonaviy jihozlar hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, texnikumda joriy etilayotgan innovatsion yondashuvlar, ishlab chiqarish bilan integratsiya jarayonlari, shu bilan birga, qurilishi rejalashtirilayotgan yangi oʻquv ustaxonalari va “Kasblar shaharchasi” loyihalari yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.
Texnikumda xalqaro hamkorlik ishlari izchil yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasining “LUKOYL”, “Gazpromneft” aksiyadorlik jamiyati hamda ular tasarrufidagi qator korxonalar bilan imzolangan shartnomalar doirasida amaliy ishlar samarali olib borilmoqda.
Mazkur hamkorlik asosida texnikum bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash, ularning ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot oʻtashi, shuningdek, hududdagi ishsiz aholini zamonaviy va talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish hamda qayta tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa aholi bandligini taʼminlash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Tashrif yakunida mutasaddilarga taʼlim jarayoni sifatini oshirish, moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash hamda ilgʻor tajribalarni keng joriy etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.








