Vazir Buxorodagi kasbiy taʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishdi
2026-04-10 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari
10-aprel kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Buxoro shahrida joylashgan taʼlim muassasalariga tashrif buyurdi.

Dastlab vazir Buxoro shahar 1-son texnikumi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Pearson xalqaro taʼlim dasturi asosida kasb va mutaxassisliklarni oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻquv jarayoni uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar alohida eʼtibor markazida boʻldi..
Darsdan keyingi hayot ham eʼtibordan chetda qolmadi — oʻquvchilar ishtirokidagi Speaking Club toʻgaraklari jarayoni kuzatildi. Yoshlarning erkin fikrlashi, xorijiy tillarda muloqot qilishga boʻlgan intilishi tashrif davomida yaqqol namoyon boʻldi.
Shuningdek, vazir texnikumning axborot-resurs markazi, faollar zali va sport zalidagi mashgʻulotlar bilan tanishib, jismoniy tarbiya oʻqituvchilari bilan mazmunli muloqot qildi. Unda yoshlarning nafaqat bilimli, balki sogʻlom va barkamol boʻlib kamol topishi masalalariga alohida urgʻu berildi.
Tashrifning keyingi manzili Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi boʻldi. Bu yerda xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, oʻquvchilarning yutuqlari hamda “Mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish” yoʻnalishida tahsil olayotgan yoshlar bilan samimiy muloqot oʻtkazildi.
Mazkur taʼlim muassasasida ham yaratilgan shart-sharoitlar, axborot-resurs markazi faoliyati va sport toʻgaraklari jarayoni atroflicha oʻrganildi. Yoshlarning kasbga boʻlgan qiziqishi va intilishi, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan uygʻun holda, oʻquvchilarning kelajakkda mehnat bozori uchun yetuk kadr boʻlib shakllanishlariga zamin yaratayotgani qayd etildi.
Tashrif yakunida vazir tomonidan texnikumlarda kasb va mutaxassisliklarni oʻqitish sifatini yanada oshirish, amaliy koʻnikmalarni mustahkamlash hamda xalqaro taʼlim dasturlarini keng joriy etish yuzasidan bir qator muhim topshiriqlar berildi.
