Ta’lim va fan sohasida muhim masalalar muhokama qilindi
2026-04-09 18:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Yig‘ilishda tarmoq kengashiga tegishli kasb va lavozimlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur jarayonda amaldagi Mashg‘ulotlarning milliy klassifikatori zamonaviy talablar asosida shakllanayotgan yangi kasblarni qamrab olish darajasi tahlil qilinishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, uni takomillashtirishda ilg‘or xalqaro tajribalardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.
Shu bilan birgalikda, yig'ilishda 2026-yil uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida kasbiy standartlarni o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Bu borada belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish, ishlab chiqilayotgan standartlarning amaliy ahamiyatini oshirish hamda ularni soha mutaxassislari va ish beruvchilar bilan hamkorlikda tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ta’lim va fan sohasiga oid kasb hamda lavozimlar uchun Xizmatchilar lavozimlarining malaka ma’lumotnomasini ishlab chiqish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat orqali har bir lavozim bo‘yicha aniq malaka talablari, funksional vazifalar hamda zarur bilim va ko‘nikmalarni tizimli belgilash muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida tegishli mutaxassislar va ekspertlardan iborat ishchi guruhni shakllantirish, uning faoliyatini aniq reja asosida yo‘lga qo‘yish zarurligi belgilab olindi.






