Talabalar tomonidan yaratilgan qisqa metrajli filmlar premyerasi boʻlib oʻtdi
2024-06-29 16:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va xalqaro gumanitar hamkorlik boʻyicha federal agentlik (“Rossotrudnichestvo”)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya, Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasi direktori Kamola Akilova hamda Toshkent shahrida S.A. Gerasimov nomidagi BDKI filiali direktori Eldor Yuldashevlar ishtirok etib, loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirgan talabalarni tabrikladilar.
2023-yilning 19-sentyabrida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali talabalari tomonidan suratga olinadigan 5 ta qisqa metrajli filmlar uchun ssenariylar tanlovi oʻtkazilgan. Tanlovda gʻolib deb topilgan 5 ta loyiha boʻyicha filmlarni ishlab chiqarish uchun vazirlik tomonidan grant mablagʻi ajratilgan.
Ushbu loyiha talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash, kino maydonlarida oʻzlarining tajriba va malakalarini oshirish, ijodiy faoliyat bilan bevosita shugʻullanishlariga sharoit yaratib berish orqali kinematografiya sohasida istiqbolli kadrlarni yetishtirib chiqarishga qaratilgan.
Tadbirda Toshkent shahrida S.A. Gerasimov nomidagi BDKI filiali talabalari tomonidan suratga olingan “Konduktor”, “Bezori” va “Kimono” nomli qisqa metrajli filmlarning ilk premyeralari tashkil etildi.
Premyeradan soʻng filmlarning gʻoyasi, ijodkorlarning yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi. Shuningdek, “Konduktor” qisqa metrajli filmining operatori Umid Malikov “Eng yaxshi operatorlik ishi”, “Bezori” qisqa metrajli filmi rejissyori Moʻminjon Ismatillo “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” va “Kimono” qisqa metrajli mualliflari Sanjar Murodshayxov va Donyor Gʻaniyevlar “Eng yaxshi ssenariy mualliflari” sifatida eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, Yoshlar kuniga bagʻishlangan fotokoʻrgazma ham tashkil etildi. Koʻrgazmada yigirma nafar Toshkent shahrida S.A. Gerasimov nomidagi BDKI filiali iqtidorli talabalarining 60 ga yaqin fotoasarlari namoyish etildi. Ularda mustaqillik yillarida mamlakatda roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlar, barkamol avlod kelajagi yoʻlidagi gʻamxoʻrlik, koʻplab anʼana va qadriyatlarning qayta koʻz ochgani, fayzli va obod mahallalar manzaralari aks ettirilgan.









