Erasmus+ loyihalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi
2026-04-06 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir Milliy Erasmus+ ofisi (NEO), vazirlik hamda Oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha milliy ekspertlar jamoasi (HEREs) hamkorligida tashkil etildi. Unda 2025-yilgi tanlov natijalariga ko‘ra saralangan 6 ta CBHE loyihasi vakillari, milliy ekspertlar hamda tegishli davlat tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yangi loyihalarning maqsad va vazifalari, kutilayotgan natijalar, shuningdek, ularni samarali amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. Shu bilan birga, davlat tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, loyihalar natijalarini yoritib borish hamda amaliy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur uchrashuv yangi loyihalarni samarali yo‘lga qo‘yish va manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Erasmus+ dasturi ta’lim, yoshlar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi Yevropa Ittifoqining yetakchi dasturlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilgi tanlov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari 6 ta yangi CBHE loyihasida ishtirok etmoqda hamda 19 ta oliy ta’lim muassasasi ushbu loyihalarda hamkor sifatida qatnashmoqda.









