Vazir Qoraqalpog’iston Respublikasida sayyor qabul oʻtkazdi
2026-04-03 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov vazirlik tomonidan 2026-yil 1-choragida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi rahbari hamda Hukumat hujjatlarida oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Hisobot davrida vazirlikka “Ijro.gov.uz” tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 152 ta hujjati kelib tushdi. Shundan 33 tasi Prezident farmoni, 92 tasi Prezident qarori, 3 tasi Prezident farmoyishi va 24 tasi esa Prezident yig‘ilishlari bayonlari hisoblanadi.
Mazkur hujjatlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga jami 484 ta topshiriq yuklatilgan bo‘lib, shundan Prezident farmonlari doirasida – 107 ta, Prezident qarorlari bo‘yicha – 321 ta, Prezident farmoyishlari asosida – 3 ta, Prezident yig‘ilishlari bayonlari bo‘yicha esa – 53 ta topshiriq belgilangan.
Ushbu topshiriqlarning 459 tasi belgilangan muddatlarda bajarilgan bo‘lsa, 25 tasi kechiktirilgan holda ijro etilgan. Bu vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarning aksariyati o‘z vaqtida bajarilganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-choragi davomida vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 72 ta hujjati kelib tushgan. Mazkur hujjatlar doirasida vazirlikka 140 ta topshiriq belgilangan. Hisobot davrida 125 ta topshiriq belgilangan muddatda, 15 tasi esa muddatidan kech bajarilgan.
Shu bilan birga, “Ijro.gov.uz” tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 17 ta hujjati vazirlikka kelib tushdi. Ularda belgilangan 48 ta topshiriqdan 45 tasi belgilangan muddatlarda, 3 tasi esa kechiktirilgan holda bajarilgan. Umuman olganda, 2026-yil 1-choragida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali kelib tushgan Prezident, Prezident Administratsiyasi rahbari va Hukumat topshiriqlarining asosiy qismi o‘z vaqtida va sifatli ijro etildi. Bu esa vazirlik faoliyatida ijro intizomi, masʼuliyat va tizimli yondashuv ustuvor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
So‘ng fuqarolar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriga oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qildilar.
Sayyor qabul davomida o‘qishni tiklash va ko‘chirish, diplom olish, kontrakt to‘lovi, ilmiy innovatsion va startap loyihalar, oʻquv reja, fan dasturlari va oʻquv-uslubiy adabiyotlar, ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash ochish, Mahmud az-Zamaxshariy nomidagi davlat nomdor stipendiyasini joriy qilish va boshqa masalalarda fuqarolar murojaati tinlandi.
Har bir masala yuzasidan mutaxassislar ishtirokida aniq tushuntirishlar berildi, tegishli mutasaddilarga topshiriqlar yuklatildi va hal etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.






