Yoshning ahamiyati yoʻq: Oʻzbekistonda oʻquv markazlari faoliyatini yengillashtiruvchi “Qoʻshimcha taʼlim” tizimi joriy etildi
2026-04-02 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2025-yil 23-oktyabrda qabul qilingan OʻRQ–1091-sonli Qonun ana shu muammolarga chek qoʻydi va taʼlim xizmatlari bozorida yangi davrni boshlab berdi.
Xoʻsh, nimalar oʻzgardi va bu oddiy odamlar hamda tadbirkorlar uchun qanday qulayliklar yaratadi? Keling, sodda tilda tushunib olamiz.
Eski muammo: “Kattalar maktab oʻquvchisi emas-ku?”
Shu vaqtga qadar qonunchiligimizda nodavlat oʻquv markazlari faoliyati koʻpincha “maktabdan tashqari taʼlim” degan tushuncha bilan baholanar edi. Nomidan koʻrinib turibdiki, bu koʻproq maktab yoshidagi bolalarga qaratilgan.
Xoʻsh, oʻquv markazida koreys tilini oʻrganayotgan 35 yoshli fuqaroga qanday taʼlim berilyapti? Ushbu savolga javob topish uchun oʻquv markazlari amaliyotda bu jarayonni “kadrlar malakasini oshirish” yoki “qayta tayyorlash” deb nomlashga majbur boʻlishardi.
Hayotiy misol: Qonunga koʻra, “malaka oshirish” uchun sizda oʻsha sohada bazaviy maʼlumot boʻlishi kerak. Masalan, siz maktabda ingliz tili oʻqituvchisisiz va zamonaviy metodlarni oʻrganish uchun kursga bordingiz – bu haqiqiy malaka oshirish. Ammo, siz aslida haydovchi boʻlsangiz va dasturlashni (IT) noldan oʻrganmoqchi boʻlib oʻquv markaziga borsangiz, buni qonunan “malaka oshirish” deb boʻlmaydi.
Ana shunday mantiqiy boʻshliqlar sababli oʻquv markazlari tekshiruvlarda sunʼiy ravishda qonunbuzarga aylanib qolishi mumkin edi.
Xorijda bu qanday ishlaydi?
Qonunni qabul qilishdan oldin rivojlangan davlatlar tajribasi oʻrganildi. Masalan, Rossiya, Qozogʻiston, Estoniya va Litvada bunga allaqachon yechim topilgan. Ularda bu jarayon “Qoʻshimcha taʼlim” yoki “Norasmiy taʼlim” deb ataladi va unga yosh cheklovlari qoʻyilmaydi.
Estoniya tajribasi: Bu davlatda qoʻshimcha taʼlim alohida qonun bilan tartibga solinadi. Eng qizigʻi, 2025-yil sentyabridan boshlab Estoniya maktablari oʻquvchining maktabdan tashqari toʻgaraklarda (masalan, robototexnika yoki sport) olgan bilimlarini ham rasmiy baho sifatida tan olishi majburiy qilib qoʻyildi. Bu bolalarning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ajoyib usuldir.
Yangi qonun bilan nimalar oʻzgardi?
Yangi qonun bilan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va boshqa bir qator qonun hujjatlariga 3 ta asosiy oʻzgartirish kiritildi:
1. “Maktabdan tashqari taʼlim” oʻrniga “Qoʻshimcha taʼlim” atamasi kiritildi. Endilikda bu taʼlim turi ikkiga boʻlinadi:
- Bolalar uchun qoʻshimcha taʼlim;
- Katta yoshdagilar uchun qoʻshimcha taʼlim.
Yaʼni, katta yoshli fuqarolarning oʻquv markazlarida til oʻrganishi, hunarga ega boʻlishi yoki sogʻlomlashtirish toʻgaraklariga qatnashishi rasman “Qoʻshimcha taʼlim” deb tan olindi. Ular endi sunʼiy ravishda “malaka oshiruvchilar” deb atalmaydi.
2. Oʻquv markazi ochmoqchi boʻlganlar uchun aniqlik kiritildi. Ilgari oʻquv markazlari faoliyat boshlashi uchun tegishli organlarga “Maktabdan tashqari taʼlim faoliyatini boshlaganlik toʻgʻrisida” xabarnoma yuborar edi. Endilikda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgarishga koʻra, bu hujjat “Qoʻshimcha taʼlim faoliyatini boshlaganlik toʻgʻrisida xabarnoma” deb oʻzgartirildi.
3. Vakolatli organ belgilandi. Katta yoshdagilar uchun qoʻshimcha taʼlim berish, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim markazlarini ochishda xabardor qilinadigan asosiy vakolatli organlar qatoriga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham qo‘shildi.
Ushbu qonuniy oʻzgarishlar 2025-yil 24-oktyabrdan rasman kuchga kirdi. Bu yangilik, bir tomondan, fuqarolarning butun umr davomida taʼlim olish (Lifelong learning) huquqlarini kafolatlasa, ikkinchi tomondan, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratiya va huquqiy tushunmovchiliklarni bartaraf etadi.
Endilikda oʻquv markazlari hech qanday ikkilanishlarsiz ham bolalar, ham kattalar uchun taʼlim eshiklarini keng ochishi mumkin!
Farruxjon FAYZIYEV,
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Yuridik taʼminlash boʻlimi boshligʻi
