“Yangi Oʻzbekiston talabalari Olimpiadasi” sport musobaqalari oʻtkaziladi
2026-03-26 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy taʼlim tashkilotlari talaba-yoshlarini sportga keng jalb etishga qaratilgan mazkur musobaqalar Sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Olimpiada 3 bosqichda oʻtkaziladi:
—oliy taʼlim tashkilotlari miqyosida (1–30-aprel);
—hududiy bosqich (1–15-may);
—respublika finali (1–10-iyun).
Musobaqalar 7 ta sport turi basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol boʻyicha yurtimizdagi barcha davlat, xususiy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻtkaziladi.
Musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida oliy taʼlim muassasalarida jamoalarni shakllantirish, sport infratuzilmasini tayyor holga keltirish, hakamlikni taʼminlash, xavfsizlik va tibbiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.
Qayd etilganidek, mazkur musobaqalar talabalar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.






