Respublika komissiyasi ishchi guruhi Termiz davlat universitetida bo‘ldi
2026-03-25 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab universitet rektori Abduqodir Toshqulov tomonidan muassasada hayotga tatbiq etilayotgan qator innovatsion loyihalar, ularning aniq maqsad va vazifalari hamda ishlab chiqarish quvvatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va tadbirkorlikka keng jalb etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
O‘rganishlar davomida ishchi guruhi a’zolarining e’tibor markazida universitetda o‘tkazilayotgan “Rektor kubogi” sport musobaqalari bo‘ldi. Mehmonlar mazkur musobaqalarga start berib, jarayonlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, muassasadagi ilmiy loyihalar, sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimi va talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Tadbir doirasida talabalar o‘zlarining istiqbolli startap loyihalarini taqdim etdilar va ularning ayrimlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tavsiya qilindi. Yakunda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.









